O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi

Nashr uchun 02.01.2015 y. | 10:23
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI
TADBIRKORLIK SUB'EKTLARIGA DAVLAT XIZMATLARI KO'RSATISH TARTIBINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO'G'RISIDA
(O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2015 y., 1-son, 9-modda)
 O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «O'zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida» 
2014 yil 7 apreldagi PF-4609-son Farmoniga muvofiq, shuningdek tadbirkorlik sub'ektlariga davlat xizmatlari ko'rsatish tartibini yanada takomillashtirish va  soddalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
 1. 2015 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatlari ko'rsatishda davlat organlari va boshqa organlar tomonidan tadbirkorlik sub'ektlaridan davlat boshqa organlarida va o'zga tashkilotlarda mavjud bo'lgan hujjatlarni va axborotlarni, shu jumladan soliq qarzdorligi yoki kommunal to'lovlar bo'yicha qarzlarning mavjud emasligi to'g'risidagi ma'lumotnomalarning, tadbirkorlik sub'ekti ta'sis hujjatlarining, litsenziyalar va ruxsat beruvchi tusdagi hujjatlar nusxalarining talab qilinishi taqiqlansin.
2. Belgilab qo'yilsinki, 2015 yil 1 yanvardan boshlab:
tadbirkorlik sub'ektlarining davlat xizmatlari ko'rsatish yuzasidan murojaatlari mavjud bo'lganda ushbu davlat xizmatlarini ko'rsatishda davlat xizmatlari ko'rsatuvchi davlat  organlari va boshqa organlar davlat boshqa organlarida va tashkilotlarda mavjud bo'lgan zarur hujjatlarni va axborotlarni o'zaro axborot hamkorligi yo'li bilan, shu jumladan elektron tarzda mustaqil ravishda oladilar;
tadbirkorlik sub'ektlariga davlat xizmatlari ko'rsatish uchun zarur bo'lgan hujjatlar va axborotlar mavjud bo'lgan davlat organlari va boshqa tashkilotlar ushbu hujjatlar va axborotlarni (arxiv ma'lumotnomalari bundan mustasno) davlat xizmatlari ko'rsatuvchi davlat organlari va boshqa organlardan tegishli idoralararo so'rov olingandan vaqtdan boshlab bir ish kuni mobaynida taqdim etishlari shart; davlat xizmatlari ko'rsatish uchun zarur bo'lgan hujjatlar va axborotlarning ushbu hujjatlar va axborotlar mavjud bo'lgan davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan idoralararo  so'rov bo'yicha taqdim etilmasligi yoki o'z vaqtida taqdim etilmasligi tadbirkorlik sub'ektiga davlat xizmati ko'rsatishni rad etish uchun asos hisoblanmaydi; davlat xizmatlari ko'rsatish uchun zarur bo'lgan hujjatlar va axborotlarning taqdim etilmaganligi yoki o'z vaqtida taqdim etilmaganligi, shuningdek ularning tadbirkorlik sub'ektlariga davlat xizmatlari ko'rsatuvchi davlat organi yoki boshqa tashkilot tomonidan olinmaganligi uchun aybdor bo'lgan tegishli mansabdor shaxslar javob beradilar.
3. Tadbirkorlik sub'ektlariga davlat xizmatlari ko'rsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar bir oy muddatda ular tomonidan davlat xizmatlari ko'rsatish uchun zarur bo'lgan, axborot hamkorligi yo'li bilan olinadigan hujjatlar va axborotlar ro'yxatini, ushbu hujjatlar va axborotlarni taqdim etadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlarni ko'rsatgan holda belgilasinlar hamda ko'rsatib o'tilgan ro'yxatni O'zbekiston Respublikasi interaktiv davlat xizmatlari Yagona portalida va o'zlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirsinlar.
Tadbirkorlik sub'ektlariga davlat xizmatlari ko'rsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga ushbu bandning birinchi xatboshida ko'rsatib o'tilgan hujjatlar va  axborotlar ro'yxati o'zlarining rasmiy veb-saytlarida o'z vaqtida joylashtirilishi va muntazam ravishda yangilab borilishi yuzasidan shaxsiy mas'uliyat yuklansin.
4. O'zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo'mitasi O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Tadbirkorlik sub'ektlariga davlat xizmatlari ko'rsatishda idoralararo axborot hamkorligi tartibi to'g'risidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Palata tomonidan tadbirkorlik sub'ektlariga davlat xizmatlari ko'rsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ushbu qarorning bajarilishi va sifati yuzasidan doimiy monitoringni amalga oshirish, monitoring natijalarini tadbirkorlik sub'ektlariga davlat xizmatlari ko'rsatish tartibini, shu jumladan sansalorlik, byurokratizm va davlat xizmatlari ko'rsatish muddatlarini cho'zib yuborish holatlariga yo'l qo'ymaslikni nazarda tutgan holda yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqishda foydalanish uchun har chorakda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish to'g'risidagi taklifiga rozilik berilsin.
6. 2015 yil 1 yanvardan boshlab O'zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilsin.
7. Vazirliklar va idoralar o'zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.

O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH. MIRZIYOEV
Toshkent sh.,
2014 yil 31 dekabr,
377-son