O'zbekiston yangiliklari

Davrda.davrdan...:   Select date in calendar   gacha:   Select date in calendar    
22.03.2017 | 17:41 O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga jo‘nab ketdi
 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan 22-mart kuni davlat tashrifi bilan Ostona shahriga jo‘nab ketdi.   Avval xabar qilinganidek, oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashiladi. 
21.03.2017 | 12:45 O‘zbekiston xalqiga Navro‘z tabrigi
Aziz vatandoshlar!  Ona diyorimizga barchamiz orziqib kutgan, go‘zal va dilbar fasl – Navro‘zi olam kirib kelmoqda.  Ana shu ulug‘ ayyom – sharqona yangi yil bilan kattayu kichik barcha yurtdoshlarimizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.  Mana shu qutlug‘ kunda siz azizlarga, sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman. 
18.03.2017 | 12:43 O‘zbekiston Prezidentining Qozog‘istonga davlat tashrifiga doir
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan 2017-yil 22-23-mart kunlari davlat tashrifi bilan Qozog‘istonda bo‘ladi.  Oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari muhokama qilinadi. 
15.03.2017 | 13:04 O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari bir-birlarini qutladilar
 O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25-yilligi munosabati bilan ikki davlat rahbarlari bir-birlarini tabrikladilar.   Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning qutlovida bunday deyiladi: “Turkiya Respublikasi va qardosh O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25-yilligi munosabati bilan Siz, Janobi Oliylarini va qardosh O‘zbekiston xalqini shaxsan o‘z nomimdan va Turkiya xalqi nomidan samimiy tabriklayman va ezgu istaklarimni yo‘llayman".   Rejep Tayyip Erdo‘g‘on 2016-yil 18-noyabrda Samarqand shahrida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida o‘zaro munosabatlarni kengaytirish borasida hamkorlikda ishlash to‘g‘risida erishilgan kelishuvlar amalga oshirilishiga ishonch bildirgan, Turkiya mamlakatlarimiz xalqlari farovonligi yo‘lidagi hamkorlikni o‘zaro ishonchli asosda ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro miqyosda rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidlagan.   O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qutlovida "1992-yilning mart oyida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgandan so‘ng qisqa vaqtda, ya’ni o‘sha yilning aprel oyida Toshkent shahrida Turkiya Respublikasi elchixonasi ochilgan"ini alohida ta’kidlagan. 
14.03.2017 | 12:48 Xalq ishonchi yanada yuksak marralarni egallashga ruhlantirmoqda
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 10-11-mart kunlari Buxoro viloyatida bo‘ldi.  Davlatimiz rahbari tashrifning birinchi kunida viloyatning iqtisodiy salohiyatini oshirish, aholi bandligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishdi. Qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat va energetika, transport-kommunikatsiya, tibbiyot va turizm sohalaridagi loyihalarga alohida e’tibor qaratildi. Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini yanada yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tdi.  Ushbu tadbirlarda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturidagi maqsad-vazifalar o‘z ifodasini topdi. 
14.03.2017 | 12:38 O‘zbekiston Prezidenti va Germaniya kansleri bir-birlarini qutladilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Germaniya Federativ Respublikasi Federal kansleri Angela Merkel O‘zbekiston Respublikasi va GFR o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25-yilligi munosabati bilan tabrik yo‘llagan.  GFR kanslerining qutlovida bunday deyiladi: “Mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25-yil to‘ldi. O‘tgan vaqt davomida o‘zaro hamkorligimiz turli sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Germaniya bilan O‘zbekiston iqtisodiyot, xavfsizlik va madaniyat sohalarida, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasida ishonchli hamkorlik qilib kelmoqda.  Germaniya Federal hukumati O‘zbekiston Respublikasini parlament vakolatlarini kengaytirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish va huquqiy tizimni isloh qilishga qaratilgan 2017-2021-yillarda mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda hamkor sifatida qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, mintaqa davlatlari bilan tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari sifatida Siz belgilab bergan do‘stona va yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini yanada rivojlantirishni Germaniya qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlamoqchiman.  Davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25-yilligi munosabati bilan O‘zbekiston va uning xalqiga tinchlik, erkin va farovon hayot, mamlakatlarimizning o‘zaro hamkorligi yanada kengayishini tilayman». 
12.03.2017 | 12:36 Buxoroda amalga oshiriladigan bunyodkorlik loyihalari muhokama qilindi
 Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari loyihalari bilan tanishdi.   Birinchi Prezidentimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida Buxoroning markaziy ko‘chalaridan biriga Islom Karimov nomi berildi. Ushbu ko‘cha qiyofasini o‘zgartirish, uning ikki tomonida zamonaviy binolar barpo etish bo‘yicha 3-yilga mo‘ljallangan loyiha ishlab chiqildi.   Davlatimiz rahbari ushbu ko‘cha Islom Karimov nomiga munosib bo‘lishi, qurilish ishlarini salohiyatli pudratchi tashkilotlar bajarishi zarurligini ta’kidladi.   Prezidentimiz Islom Karimov va Ibn Sino ko‘chalari kesishgan joyda bunyod etiladigan Universal sport majmuasi loyihasini ko‘zdan kechirdi.   2018-yilda foydalanishga topshiriladigan ushbu majmuada 15 sport turi bo‘yicha mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi musobaqalarni o‘tkazish imkoniyati yaratiladi. Undan uchta mashg‘ulotlar zali, basseyn, tennis korti, 4 ming tomoshabinga mo‘ljallangan zal o‘rin oladi. Majmua sportchilarni tayyorlash, murabbiylar malakasini oshirish, sport metodikasi bo‘yicha namunaviy markaz bo‘ladi.   Majmuada yozgi va qishki sport maydonlari qurish lozimligi ta’kidlandi. Viloyatdagi sport inshootlarini inventarizatsiya qilish, ularni muayyan sport turiga ixtisoslashtirish, ommaviyligini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. 
09.03.2017 | 09:53 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti G.M.Berdimuxamedovning qo‘shma bayonoti
 Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedovning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 6-7-mart kunlari Davlat tashrifi bilan Turkmanistonda bo‘ldi.   An’anaviy do‘stona va o‘zaro ishonch muhitida o‘tgan muzokaralar davomida davlat rahbarlari ikki tomonlama keng ko‘lamli hamkorlikning barcha jabhalari, shuningdek xalqaro maydondagi hamjihatlik sohalari bo‘yicha fikr almashdilar. Tomonlar ko‘rilgan barcha masalalar bo‘yicha qarashlar o‘xshash ekanligini ta’kidladilar.     O‘zbek tomoni Turkmaniston Prezidenti G.M.Berdimuxamedovga Turkmanistonda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning yorqin xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar uchun samimiy minnatdorchilik bildirdi. Davlat rahbarlari Turkmanobod shahrida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov siymosi tasvirlangan haykalning tantanali ochilish marosimida ishtirok etdilar.   Prezidentlar muqaddam erishilgan kelishuvlar va imzolangan ikki tomonlama hujjatlarning bajarib borilishini muhokama qilib, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi davlatlararo aloqalar rivojining yuqori sur’atini qayd etdilar. O‘zbek-turkman munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishga intilgan holda, Davlat rahbarlari qardosh xalqlar o‘rtasidagi tarixan shakllangan an’anaviy do‘stona va ahil qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi Shartnomani imzoladilar.   Tomonlar teng huquqlilik, ahil qo‘shnichilik, o‘zaro foyda, o‘zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini inobatga olish tamoyillari asosida keng ko‘lamli hamkorlikni faol rivojlantirish va mustahkamlashni davom ettirishda o‘zaro manfaatdorlikdan kelib chiqqqan holda, ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asoslarini, turli darajalarda siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish amaliyoti va hamjihatlikni yanada takomillashtirish muhimligini e’tirof etdilar. 
08.03.2017 | 09:48 O‘zbekiston – Turkmaniston: yaqin qo‘shnichilik va qardoshlik rishtalari mustahkamlanmoqda
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 6-7-mart kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.  Tashrifning asosiy tadbirlari 6-mart kuni bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbarlari avval yakkama-yakka, keyin ikki mamlakatning kengaytirilgan tarkibdagi rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar. Ularda savdo-iqtisodiyot, neft-kimyo, transport kommunikatsiyalari, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.  Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Qo‘shma bayonotni, O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar. Ikki mamlakat vazirlik va idoralari o‘rtasida iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va kimyo sanoati, temir yo‘l transporti, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni, hududlararo aloqalarni rivojlantirishga doir qator hujjatlar imzolandi.  Tashrifning ikkinchi kuni Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmanobod shahriga bordilar.  Ushbu shahar yaqinida Amudaryoda qurilgan Turkmanobod-Farab avtomobil va temir yo‘l ko‘priklarining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi.  Avtomobil ko‘prigining uzunligi 1600, temir yo‘l ko‘prigining uzunligi 1750 metr. Ularni qurishda turkmanistonlik va ukrainalik quruvchilar ishtirok etgan, Germaniya, Norvegiya texnologiyalaridan foydalanilgan. 
07.03.2017 | 09:46 O‘zbekiston va Turkmaniston – strategik sherik davlatlar
 Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 6-mart kuni davlat tashrifi bilan Ashxobodga keldi.   Ta’kidlash joizki, bu Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida xorijiy davlatga ilk tashrifidir. Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish marosimidagi nutqida O‘zbekiston barcha davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik qilishini bayon etgan. Prezidentimizning mazkur davlat tashrifi  O‘zbekiston tashqi siyosatda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga alohida ahamiyat qaratayotganini yaqqol tasdiqladi.   Xalqimiz turkman xalqi bilan ham azaldan yonma-yon, ahil-inoq yashab kelgan, bir daryodan suv ichgan. Savdo-sotiq qilgan, bir-birining madaniyatini boyitgan. 
06.03.2017 | 18:29 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlangan uchrashuvdagi nutqi
Assalomu alaykum, aziz opa-singillar!  Muhtaram do‘stlar!  Avvalo, siz, azizlar bilan yurtimizga bahor nafasi kirib kelayotgan yorug‘ kunlarda, Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida mana shu muhtasham koshonada uchrashib turganimdan g‘oyat xursandman.  Shu qutlug‘ ayyom – 8-mart bayrami bilan sizlarni, sizlarning timsolingizda butun mamlakatimiz ayollarini, muhtarama onaxonlarimiz, qadrli opa-singillarimiz, go‘zal qizlarimizni chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildirishga ijozat bergaysiz.  Barchamiz uchun aziz va mo‘tabar bo‘lgan ayol zoti haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalambor, bizni dunyoga keltirgan, oq sut berib voyaga yetkazgan Ona siymosi oldida bosh egib ta’zim qilamiz.  Er yuzida muqaddas degan so‘zga eng munosib zot bu – avvalo, Onadir. Xalqimiz ona siymosini doimo ulug‘lab, ardoqlab yashaydi. Yurtimizda onalarni sharaflab muhtasham haykallar bunyod etilgani ham shundan dalolat beradi.  Biz Ona timsolida Vatanimizni, uning go‘zal va betakror qiyofasini ko‘ramiz. “Ona Vatan” degan ibora bejiz aytilmagan, bunda chuqur ma’no bor. Insonni inson qiladigan mana shunday yuksak tuyg‘u va tushunchalarni bolalarimiz qalbiga yoshligidan singdirsak, shoirlarimiz, rassomlarimiz, san’atkorlarimiz onalarni, ayollarni tarannum etadigan yangi-yangi asarlar yaratsalar, nur ustiga nur bo‘lur edi.  Ayolni e’zozlash, ayolga ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos olijanob qadriyat hisoblanadi. Biz, barchamiz qanday kasb, qanday lavozimda ishlamaylik, qalbimiz, yuragimizdagi jamiki ezgu fazilatlar uchun siz, mehribon ayollardan umrbod qarzdormiz. 
06.03.2017 | 17:26 O‘zbekiston Prezidenti Turkmanistonga keldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 6-mart kuni davlat tashrifi bilan Turkmanistonga keldi.  Ashxobod xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga O‘zbekiston va Turkmaniston davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.  O‘zbekiston delegatsiyasi o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga yo‘l oldi. 
23.02.2017 | 11:44 O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘iston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosarini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 fevral kuni O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Asqar Maminni qabul qildi.  Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari, shu jumladan, savdo-iqtisodiy aloqalar barqaror va izchil rivojlanayotgani hamda mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.  Davlatlarimiz rahbarlarining 2016 yil sentabr oyida Samarqand shahridagi uchrashuvida erishilgan kelishuvlarga muvofiq o‘zaro savdo hajmini tubdan oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, shuningdek, mamlakatlarimizning yetakchi korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga qaratilgan qator istiqbolli loyihalar hamkorlikda ishlab chiqilmoqda. 
15.02.2017 | 20:09 O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Hukumati raisining o‘rinbosarini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-fevral kuni Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Rossiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisining o‘rinbosari Dmitriy Kozakni qabul qildi.  Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari ko‘plab yo‘nalishlarda, xususan, savdo-iqtisodiy sohada izchil rivojlanayotgani va mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi.  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning 2016-yil 6-sentabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi chog‘ida erishilgan kelishuvlar faol va samarali amalga oshirilayotgani qayd etildi. 
10.02.2017 | 13:59 Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yangi loyihalar bilan tanishdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Termiz tumanidagi “Gold Agro Fresh” agrofirmasi faoliyati bilan tanishdi.  Xalqimiz farovonligi, yurtimiz bozorlarining qishin-yozin to‘kinligiga Surxondaryo fermer va dehqonlari ham munosib hissa qo‘shmoqda. Mamlakatimizdagi ekin maydonlarining 7 foizi mazkur viloyatga to‘g‘ri keladi. Voha dehqonlari yurtimizda yetishtiriladigan paxta va g‘allaning 8-9 foizini, meva va sabzavotning 11 foizdan ziyodini yetkazib bermoqda.  Keyingi yillarda paxta maydonlari qisqartirilib, qishloq xo‘jaligi tarkibiy o‘zgartirilayotgani natijasida meva-sabzavot yetishtirish ko‘paymoqda, ularni qayta ishlash sanoati rivojlantirilmoqda.  “Gold Agro Fresh” agrofirmasi sabzavot mahsulotlari yetishtirish va ularni eksport qilishga ixtisoslashgan istiqbolli loyihalardan biridir. Qiymati 35 million AQSh dollari bo‘lgan korxonaning zamonaviy issiqxonalarida yiliga 30 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 1000 ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Hozirda 20 gektarlik 15 blokda pomidor, gulkaram, brokkoli, rukkolo va yalpizning xaridorgir navlari o‘stirilmoqda. Barcha 70 blok ishga tushgach issiqxonalar 100 gektardan oshadi. Bundan tashqari, 434 gektar yerda mavsumiy ekinlar ekilib, 23 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 2 ming 100 kishini ish bilan ta’minlash, kelgusida 100 gektar yerda intensiv bog‘ yaratish rejalashtirilgan. 
10.02.2017 | 13:21 Inson manfaatlarini ta’minlash uchun avvalo uning huquq va erkinliklari, osuda va farovon hayoti himoya qilinmog‘i kerak
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 9-fevral kuni ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.  Unda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimlari ishtirok etdi.  Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev istiqlolning dastlabki yillaridan yurtimizda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash vazifalariga ustuvor ahamiyat berilayotganini alohida ta’kidladi. Bu profilaktika, tezkor-qidiruv, tergov, yo‘l harakati xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, qo‘riqlash, patrul-post xizmatlari, alohida vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadlari qayta tashkil etilganida, ichki ishlar organlarining moddiy-texnik bazasi muntazam mustahkamlab borilayotganida namoyon bo‘lmoqda.  Ichki ishlar organlari xodimlari bilan aholi o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro ishonch va ochiqlikni ta’minlash maqsadida profilaktika inspektorlari, militsiya tayanch punktlari, “Mahalla posboni” kabi institutlar tashkil etilgani yurtimizda tinch-osuda hayot ta’minlanishiga xizmat qilmoqda. 
08.02.2017 | 12:41 O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni Mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, xavfsizlik va huquq-tartibotni, davlatimiz chegaralari daxlsizligini, jamiyatda qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarini, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini ta’minlash uchun muhim poydevor bo‘ldi, xalqimizning munosib hayot kechirishi, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratdi.  Iqtisodiyotda ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan boshqaruv tizimidan mutlaqo voz kechilib, bozor islohotlari bosqichma-bosqich amalga oshirilgani va pul-kredit siyosati puxta o‘ylab olib borilgani makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyotning yuqori sur’atlar bilan o‘sishini, inflatsiyani prognoz ko‘rsatkichlari darajasida saqlab qolishni ta’minladi hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik harakatini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar va qulay sharoitlar yaratilishiga xizmat qildi.  Ayni vaqtda mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lining chuqur tahlili, bugungi kunda jahon bozori kon’yunkturasi keskin o‘zgarib, globallashuv sharoitida raqobat tobora kuchayib borayotgani davlatimizni yanada barqaror va jadal sur’atlar bilan rivojlantirish uchun mutlaqo yangicha yondashuv hamda tamoyillarni ishlab chiqish va ro‘yobga chiqarishni taqozo etmoqda. 
08.02.2017 | 12:35 Tibbiyot sohasini zamon talabi darajasida takomillashtirish inson manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 5-yanvar kuni sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari bilan uchrashib, ushbu tizimni takomillashtirish, muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Xalqimiz salomatligi, ayniqsa, yosh avlod kelajagiga daxldor bu soha Prezidentning doimiy e’tiborida bo‘lishini alohida ta’kidlagandi.  Davlatimiz rahbari mamlakatimiz hududlariga safari chog‘ida qishloq vrachlik punktlari va klinikalarda bo‘lib, shifokor va bemorlar bilan muloqot qilmoqda. Bu Prezidentimizning mazkur sohaga – xalqimiz salomatligiga doimiy e’tiboridan dalolat beradi.  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 7-fevral kuni 5-yanvardagi majlisda belgilangan vazifalar ijrosi, sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar va sohaning rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 
05.02.2017 | 17:24 Asosiy maqsadimiz – aholiga qulay sharoitlar yaratish, xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishdir
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishdi.  Mamlakatimiz taraqqiyoti ulkan bunyodkorlik ishlariga asos bo‘lmoqda. Shaharu qishloqlarda yangi sanoat korxonalari, ijtimoiy inshootlar, turar joylar, yo‘l va ko‘priklar barpo etilmoqda. Tadbirkorlik, savdo va maishiy xizmatlar keng rivojlanib, aholi turmush darajasi oshib bormoqda.  Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi loyihasi ushbu islohotlar samarasini oshirish, mamlakat va jamiyat rivojini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan.