O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasining har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma bayonoti

Nashr uchun 18.05.2017 y. | 16:41 O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasining har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma bayonoti
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 11-13-may kunlari davlat tashrifi bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘ldi. 

Ikki davlat rahbarlari iliq va do‘stona muhitda muzokaralar o‘tkazdilar, diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan so‘ng o‘tgan 25-yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi (keyingi o‘rinlarda – «Tomonlar») o‘rtasida hamkorlikda erishilgan muhim yutuqlarga yuqori baho berdilar, ikki tomonlama munosabatlar hamda bir-birlarini qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha atroflicha fikr almashdilar, ular yuzasidan keng konsensusga erishdilar. 

Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida 2013-yil 9-sentabrda imzolangan Shartnoma va O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida 2016-yil 22-iyunda imzolangan Qo‘shma bayonotga, shuningdek, boshqa ikki tomonlama shartnoma va bitimlarga, siyosiy ishonch va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga, umumiy taraqqiyot, yuksalish va milliy tiklanishga erishish uchun birgalikda izchil sa’y-harakat qilishga yana bir bor o‘zaro sodiqliklarini e’tirof etadilar hamda quyidagilarni bayon qiladilar: 

I bo‘lim

Tomonlar o‘zaro ishonch, hamkorlik va manfaatdorlikka asoslangan har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish niyatlari to‘g‘risida yakdillik bilan bayon etdilar. Tomonlar o‘zaro siyosiy ishonch O‘zbekiston – Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining muhim asosi ekanligini qayd etdilar. Tomonlar davlat suvereniteti, xavfsizlik va hududiy yaxlitlik kabi ikki mamlakat xalqlari tub manfaatlari bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradilar. 

Tomonlar o‘z hududlarida uchinchi davlatlar yoki har qanday tashkilotlar yoxud guruhlarning boshqa Tomon davlat suvereniteti, xavfsizligi hamda hududiy yaxlitligiga putur yetkazadigan faoliyat olib borishiga yo‘l qo‘ymaydilar. 

Tomonlar xalqaro masalalarda va ikki tomonlama munosabatlarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga qat’iy rioya qilishlarini, teng huquqlilik, o‘zaro anglashuv va bir-birlarining manfaatlarini hisobga olish prinsiplari asosida hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishlarini bayon qiladilar. 

Xitoy tomoni O‘zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishilgandan so‘ng o‘tgan 26-yil mobaynida rivojlanishdagi ulkan muvaffaqiyatlarini yuqori baholaydi, O‘zbekistonning o‘z ichki shart-sharoitlariga binoan mustaqil tanlagan taraqqiyot yo‘lini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, O‘zbekiston hukumati tomonidan ichki barqarorlikni ta’minlash va turg‘un ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ilgari surish uchun olib borilayotgan barcha sa’y-harakatlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi. 

O‘zbekiston tomoni «yagona Xitoy» siyosati olib borilishini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi, Xitoy Xalq Respublikasi hukumati butun Xitoyni ifodalovchi yagona qonuniy hukumatligini, Tayvan va Tibet esa Xitoy hududining ajralmas qismi ekanligini yana bir bor bayon qiladi. O‘zbekiston tomoni har qanday shakldagi «Tayvan mustaqilligi»ga qarshi chiqadi, Tayvan bo‘g‘ozi ikki tomoni o‘rtasidagi munosabatlarning tinch rivojlanishi hamda mamlakatni tinch yo‘l bilan birlashtirish maqsadida Xitoy hukumati tomonidan olib borilayotgan barcha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. 

II bo‘lim

Tomonlar amaliy hamkorlik O‘zbekiston – Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining muhim tarkibiy qismi hisoblanishini yakdillik bilan qayd etadilar. 

Tomonlar amaldagi ikki tomonlama hujjatlarni va birgalikda kelishilgan loyihalarni har tomonlama keng ko‘lamda tatbiq qilishni, «Bir makon, bir yo‘l» doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnikaviy, transport-kommunikatsiyaviy va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda, shuningdek, sanoat parklarini yaratishda va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirishni davom ettiradilar. 

Tomonlar o‘zaro savdodagi mavjud keng imkoniyatlar va salohiyatdan to‘laqonli foydalanish zaruratini qayd etdilar hamda o‘zaro savdo hajmini yanada oshirib borishlarini bildirdilar. O‘zbekiston tomoni o‘zaro manfaatdorlik asosida, shuningdek, Uzoq muddatli savdo to‘g‘risida 2009-yil 14-oktabrda imzolangan Bitimni amalga oshirish doirasida qishloq xo‘jaligi mahsuloti, tabiiy resurslar va energoyoqilg‘i kabi tovarlarni Xitoy Xalq Respublikasiga yetkazib berishga tayyorligini bildirdi. 

Tomonlar 2016-yilning iyun oyida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi mobaynida erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirishni davom ettiradilar. 

Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Tijorat vazirligi o‘rtasida investitsiyaviy hamkorlik to‘g‘risida Anglashuv memorandumi doirasida energetika, gidroenergetika, kimyo tarmoqlarida, irrigatsiya va melioratsiya, qurilish materiallari sanoati sohalarida hamda transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirishda Xitoy Eksport-import banki va Xitoy davlat taraqqiyot banki ishtirokini qo‘llab-quvvatlaydilar. 

Tomonlar iqtisodiy-texnikaviy hamkorlikni mustahkamlashni, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, ta’lim, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniyat va turizmni rivojlantirish va boshqa sohalarda loyihalarni amalga oshirishni davom ettirishga kelishib oldilar. 

Tomonlar infratuzilma, kichik va o‘rta gidroelektrostansiyalarni qurish sohalarida hamkorlikni chuqurlashtiradilar. 

Xitoy tomoni sanoatni texnologik modernizatsiya va diversifikatsiya qilish bo‘yicha O‘zbekiston tomoni amalga oshirayotgan faol siyosatni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. 

O‘zbekiston tomoni O‘zbekiston Respublikasida Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish va ko‘maklashishga tayyorligini e’tirof etdi. 

Tomonlar Xomashyo bilan bog‘liq bo‘lmagan va yuqori texnologiyali sohalarda hamkorlik qilish dasturi qoidalarini amalda tatbiq qilish doirasida O‘zbekiston Respublikasi hududida, eng avvalo, «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasida tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha yuqori texnologiyali qo‘shma korxonalar yaratish orqali investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar. 

Tomonlar investitsiyaviy iqlimni takomillashtirish, investitsiyalarni qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga muvofiq xorijiy investorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun sa’y-harakatlarni amalga oshiradilar. 

Tomonlar ishlab chiqarish tuzilmalarini birgalikda transformatsiya va modernizatsiya qilish maqsadida zamonaviy yuqori texnologiyali va ekologik toza ishlab chiqarishlar va asbob-uskunalar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishning muhimligini qayd etdilar. 

Xitoy tomoni O‘zbekistonda erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini yaratishni qo‘llab-quvvatlaydi hamda ular hududida, eng avvalo, mahalliy mineral va xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil qilishga Xitoy korxonalarini rag‘batlantiradi. 

Tomonlar transport sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda ikkala mamlakatni birlashtiradigan temir yo‘l, avtomobil yo‘llari va havo transporti yo‘laklarini ilgari surish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirishning muhim ahamiyatini ta’kidladilar. 

Tomonlar ushbu tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati o‘rtasida Xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risida bitimning imzolanishini olqishladilar. Mazkur Bitimni amalga oshirish va milliy tashuvchilar faoliyati hamda mavjud tranzit salohiyatidan samarali foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish ikki davlat o‘rtasidagi tashqi savdo aloqalarini kengaytirish va mustahkamlashga ko‘maklashadi. 

Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasini birlashtiradigan samarali temir yo‘l yo‘lagini yaratish hamda «O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy» temir yo‘l qurilishi loyihasi bo‘yicha maslahatlashuvlarni jadallashtirish zaruratini qayd etdilar. 

Tomonlar Hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Xitoy hukumatlararo qo‘mitasi va uning kichik qo‘mitalarining ikki tomonlama amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishdagi muvofiqlashtiruvchi va rag‘batlantiruvchi rolini yuqori baholaydilar hamda ularning yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazib borishni davom ettirishga kelishib oldilar. 

III bo‘lim

Tomonlar «uch yovuz kuch», narkotiklarning noqonuniy muomalasi, kiberjinoyatchilik va transchegaraviy uyushgan jinoyatchilik ikki mamlakat hamda mintaqaning xavfsizligi va barqarorligiga jiddiy tahdid hisoblanishini yakdillik bilan e’tirof etadilar. Mazkur tahdidlarga qarshi kurashish uchun Tomonlar huquqni muhofaza qilish va xavfsizlik sohalarida hamkorlik, mutasaddi idoralar o‘rtasida almashinuv, shuningdek, tezkor axborotdan birgalikda foydalanishni kengaytiradilar. 

Tomonlar ikki mamlakat huquqni muhofaza qiluvchi organlari va xavfsizlik xizmatlarining qo‘shma antiterror treninglarini o‘tkazishni davom ettiradilar, barqarorlikni saqlash va favqulodda vaziyatlarda harakat qilish maqsadida qo‘shma faoliyatlari salohiyatini oshirib boradilar. 

Tomonlar tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf qilish sohasida hamkorlikni rivojlantiradilar, shuningdek, ushbu sohaga yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishga ko‘maklashadilar. 

Tomonlar ikki mamlakat mudofaa idoralari hamkorligi natijalarini ijobiy baholaydilar, barcha darajalarda aloqalarni mustahkamlashda davom etadilar, yaqin harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydilar. 

IV bo‘lim

O‘zbekiston va Xitoy Ipak yo‘lidagi qadimiy sivilizatsiyalarga ega mamlakatlar hisoblangan holda, uning ruhini rivojlantirish uchun hamjihatlikda sa’y-harakatlarini amalga oshiradilar, O‘zbekiston va Xitoy sivilizatsiyalari mevalari ikki mamlakat xalqlariga yanada ko‘proq foyda keltirishi uchun gumanitar almashinuvni chuqurlashtiradilar, madaniy merosni asrash bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlaydilar hamda madaniy an’analar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlaydilar va saqlab qoladilar. 

Tomonlar madaniyat, ta’lim, fan, sport, turizm kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirishni davom ettiradilar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, ilmiy muassasalar, do‘stlik jamiyatlari, badiiy jamoalar o‘rtasida do‘stona almashinuvni mustahkamlaydilar, Konfutsiy institutining O‘zbekistondagi filiali faoliyatini birgalikda boshqaradilar. 

Tomonlar qadimiy Xiva shahridagi me’moriy yodgorliklarni restavratsiya qilish va qayta tiklash ishlarini yuqori baholadilar hamda arxeologiya, madaniy boyliklarni asrash va restavratsiya qilish, shuningdek, mutaxassislarni kasbiy tayyorlash sohalarida hamkorlikni rivojlantirishda davom etadilar. 

Tomonlar turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlik salohiyatini to‘laqonli amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Turizm ishlari bo‘yicha davlat boshqarmasi o‘rtasida almashinuv va hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash, Tomonlarning turistik korxonalarini o‘zaro turistlar almashinuvini oshirishga rag‘batlantirish niyatidalar. 

V bo‘lim

Tomonlar ikki mamlakat mintaqalari va birodar shaharlari o‘rtasida almashinuv va hamkorlikni rivojlantiradilar, O‘zbekistan Respublikasining Buxoro viloyati Buxoro shahri bilan Xitoy Xalq Respublikasining Xenan provinsiyasi Loyan shahri o‘rtasida birodarlik aloqalarining o‘rnatilishi va rivojlanishini olqishlaydilar. 

VI bo‘lim

Tomonlar xalqaro masalalar bo‘yicha o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va muvofiqlashtirish ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik ishonchning yuqori darajasini namoyon etishini ta’kidladilar. 

Tomonlar BMT va ShHT kabi ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida bir-birlarini qo‘llab-quvvatlash va hamkorlikni mustahkamlash, muhim xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha o‘z vaqtida fikr almashish, pozitsiyalarni muvofiqlashtirish, global va mintaqaviy tahdidlarga qarshi birgalikda harakat qilishni davom ettiradilar. 

Tomonlar Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash mintaqa mamlakatlari va umuman butun dunyo uchun muhim ahamiyat kasb etishini yakdillik bilan e’tirof etadilar. Xalqaro hamjamiyat Markaziy Osiyo mintaqasining tarixiy-madaniy an’analarini to‘liq hurmat qilishi, birgalikda mintaqaning rivojlanishi va taraqqiy etishiga hissa qo‘shishi lozim. Tomonlar Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha uzviy muvofiqlashuvni qo‘llab-quvvatlashga, mintaqada O‘zbekiston va Xitoy manfaatlarini hamjihatlikda himoya qilishga tayyordirlar. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan samimiy do‘stona qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda XXR Raisi Si Szinpinni ikkala tomon uchun qulay bo‘lgan vaqtda O‘zbekistonda davlat tashrifi bilan bo‘lishga taklif qildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Xitoy Xalq Respublikasi 
Prezidenti Raisi 
Shavkat Mirziyoyev Si Szinpin 

Pekin, 2017-yil 12-may