Nashrlar

Nashr uchun 07.12.2016 y. | 12:46 "MIT.UZ Open Data Challenge 2016" tanlovi g’oliblari ma’lum bo’ldi
“Kamolot” YoIH, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, BMT “Taraqqiyot dasturi”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, “UZINFOCOM” markazi, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi va Toshkent shahridagi Inha universiteti bilan hamkorlikda "MIT.UZ Open Data Challenge 2016" tanlovi 24-27 noyabr kunlari o'tkazildi.

27 noyabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida ochiq ma’lumotlardan foydalangan holda ilovalar yaratishni maqsad qilgan, 24 noyabr kuni start olgan "MIT.UZ Open Data Challenge 2016" tanlovining yakuniy bosqichida ishtirok etayotgan ishlanmalar hakamlar tomonidan baholandi.

MIT.UZ Open Data Challenge — bu dasturchilar, grafik-tasvir dizaynerlari, internet sohasi vakillari, tahlilchilar, jurnalistlardan iborat jamoa tomonidan ochiq ma’lumotlar asosida yaratilgan dastur-ishlanmalarni saralaydigan tanlov. Tanlovning o’ziga xos jihati shundaki, qatnashchilar cheklangan muddat, ya’ni 2 kun ichida muayyan loyihani amalga tatbiq etib, yangi veb yoki mobil ilovaning, maqola yoki infografikaning birlamchi namunasini hakamlar hay’ati e’tiboriga havola etishlari kerak bo’ldi.

26 noyabrga qadar davom etgan 3 kunlik qizgʻin faoliyat natijasida, "MIT.UZ Open Data Challenge 2016" tanlovi ishtirokchilari turmushning barcha jabhalarida: moliya, transport, ta’lim, sogʻliqni saqlash, ekologiya va h.k. foydali boʻlgan yangi loyihalarni taqdim etdilar.

Unda ishtirok etayotgan dastur-ishlanmalarga qo’yilgan asosiy shart —mahsulot, ya’ni ilova, xizmat, infografika hamda ma’lumot Open Data Challenge 2016 mobaynida yaratilgan va ungacha tayyorlanmagan bo‘lishi kerak. Shuningdek, tanlov davomida mavjud ishlanmalarni, manbaalarni yanada rivojlantirib, boyitgan holda ham ishtirok etish mumkin.

2016 yilning 27 noyabr kuni ishlab chiqilgan loyihalar davlat idoralari vakillari, jamoat tashkilotlari mutaxassislari hamda mustaqil ekspertlardan iborat hakamlar hay’ati ishtirokida taqdim qilindi va g’oliblar aniqlandi.

Tanlovning “Ochiq ma’lumotlar asosida yaratilgan eng yaxshi ijtimoiy loyiha” (mobil va veb-ilova) yo’nalishida g’oliblik AlphaZet jamoasining «MyWay» – avtotransport vositalari sohiblariga yoqilg’i bor-yo’qligini aniqlashga, sug’urta va boshqa jihatdan qo’llab-quvvatlashga mo’ljallangan ilova. Bu yo’nalishda o’tkazilgan yakka tartibdagi topshiriqlarda @Dorilarbot – ijtimoiy tarmoq orqali apteka va dori vositalarini izlash ilovasi g’oliblikni qo’lga kiritdi.

“Ochiq ma’lumotlar asosida yaratilgan eng yaxshi biznes loyiha” (mobil va veb-ilova) nominatsiyasida DigAge jamoasining «License Analytics» - Davlat soliq qo’mitasining ochiq ma’lumotlarini tahlil qilishga oid ilovasi g’olib deb topilgan. Ushbu yo’nalishdagi yakka tartibdagi sinovlarda tadbirkorlarga soliqlar bo’yicha yo’l-yo’riq ko’rsatuvchi «@B2B» loyihasi g’olib bo’ldi.

“Ochiq ma’lumotlar asosida yaratilgan eng yaxshi ijodiy ish” (infografika va maqola) yo’nalishida Valkirii jamoasining “O’zbekiston misolida global isishga bag’ishlangan infografika hamda maqolalar” ishlanmasi g’olib bo’ldi.

Shuningdek, hakamlar hay’ati tomonidan IUTech jamoasining «TICS» – atrof-muhitdagi vositalarni monitoring qilish va ochiq ma’lumotlarni ishlab chiqarish loyihasi eng ilg’or loyiha sifatida e’tirof etildi.

G’oliblar joriy yilning 12 dekabr kuni soat 15:00 da Yoshlar ijod saroyida bo’lib o’tishi rejalashtirilayotgan taqdirlash marosimida diplom va qimmatbaho sov’galar bilan rag’batlantiriladilar.

Manbaa:http://mitc.uz/uz